Buxgalteriya

Byudjet tashkilotlari budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha buxgalteriya hisobini O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida” gi Qonuniga, ushbu Yo‘riqnomaga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil qiladilar. Tashkilotlarda, shu jumladan O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg’ona mintaqaviy filialida, buxgalteriya hisobi mazkur Yo‘riqnomaga muvofiq buxgalteriya hisobi yuritishning memorial order shaklida olib boriladi. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari, shuningdek, ularning tizimidagi tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda buxgalteriya hisobi yuritishning jurnal-order shaklida olib borishlari mumkin. Tashkilotlarning rahbarlari va bosh hisobchilari, hisobchilari, buxgalteriya xizmatining rahbarlari (keyingi o‘rinlarda bosh hisobchi deb yuritiladi) o‘zlarining tizimidagi tashkilotlarda buxgalteriya hisobini yuritilishini va moliyaviy hisobotlarni to‘g‘ri tuzilishini muntazam nazorat qilib turadilar Bosh hisobchi boshchilik qiladigan tashkilotning buxgalteriyasi mustaqil tarkibiy bo‘linma hisoblanadi va tashkilotning boshqa biron–bir bo‘linmasi tarkibiga kiritilishi taqiqlanadi. Tashkilot bosh hisobchisi bevosita mazkur tashkilot rahbariga, buxgalteriya hisobini yuritish, hisobotlarni tuzish va taqdim qilish masalalari bo‘yicha esa, agar qonunchilikda boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, yuqori tashkilot bosh hisobchisiga ham bo‘ysunadi hamda tashkilotda buxgalteriya hisobini yuritilishiga, moliyaviy hisobotlarni o‘z vaqtida va to‘liq topshirilishiga hamda ushbu Yo‘riqnoma, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni bajarilishiga javobgar bo‘ladi. Bosh hisobchi buxgalteriya xodimlari uchun xizmat vazifalarini har bir xodim uchun alohida belgilaydi. Bosh hisobchining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
  • buxgalteriya hisobini mazkur Yo‘riqnomaga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilgan holda yuritish, shuningdek, hisob ishlarini zamonaviy texnik vositalar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda tashkil etish;
  • buxgalteriya hujjatlarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri rasmiylashtirilishini hamda amalga oshirilayotgan operatsiyalarning qonuniyligini oldindan nazorat qilish;
  • budjet mablag‘larini, shuningdek, budjetdan tashqari mablag‘larni xarajatlar smetasida ko‘zda tutilgan muayyan maqsadlarga to‘g‘ri sarflanishi, shuningdek, pul mablag‘lari va moddiy qimmatliklarning butligi ustidan muntazam nazorat qilish;
  • tizimiga kiruvchi tashkilotlarda buxgalteriya hisobini qonunchilik talablariga muvofiq yuritilishini nazorat qilish;
  • tashkilotda xodimlarning ish haqlarini va unga tenglashtirilgan to‘lovlarini, shuningdek, ta’lim muassasalarida talabalarning stipendiyalarini belgilangan tartibda hamda o‘z vaqtida hisoblab chiqish;
  • smeta ijrosi jarayonida vujudga keladigan yuridik va jismoniy shaxslar bilan olib boriladigan hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirish;
  • pul mablag‘lari, hisob-kitoblar va moddiy qimmatliklar, shuningdek, boshqa aktivlarni va majburiyatlarni inventarizatsiya qilishda qatnashish, inventarizatsiya natijalarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri rasmiylashtirish hamda ularni buxgalteriya hisobida aks ettirish;
  • moddiy javobgar shaxslarga ularning javobgarligida turgan moddiy qimmatliklarning butligini saqlash va hisobini olib borish yuzasidan tushuntirish ishlarini o‘tkazish;
  • moddiy qimmatliklarni olish uchun berilgan ishonchnomalarni hisobini yuritish va ulardan to‘g‘ri foydalanilishini nazorat qilish;
  • moliyaviy hisobotlarni belgilangan muddatlarda tuzish va topshirish;
  • tashkilot rahbari tasdiqlashi uchun xarajat smetalarini va ularga ilova qilinadigan hisob-kitoblarni tuzish (agar rejalashtirish bo‘limlari yoki ushbu vazifani amalga oshiruvchi lavozim shtatlar jadvalida nazarda tutilmagan bo‘lsa);
  • asosiy vositalar hamda boshqa moddiy qimmatliklarni ularning saqlanish va foydalanish joylarida butligini muntazam nazorat qilish;
  • buxgalteriya hujjatlarini, hisob registrlarini, shuningdek, xarajatlar smetalarini (ilova hisob-kitoblari bilan birga) saqlanishini ta’minlash (agar rejalashtirish bo‘limlari yoki ushbu vazifani amalga oshiruvchi lavozim shtatlar jadvalida nazarda tutilmagan bo‘lsa);
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajarilishini ta’minlash.
Buxgalteriyaga boshlang‘ich hisob hujjatlarini topshirish muddatlari bosh hisobchi tomonidan tuzilib, tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida belgilanadi. Moddiy javobgar va boshqa mansabdor shaxslarga ushbu jadvaldagi hujjatlarni va ma’lumotlarni buxgalteriyaga topshirish muddatlari haqida ko‘chirma taqdim etiladi. Tashkilotlarning barcha bo‘limlari (xodimlari) buxgalteriyaga buxgalteriya hisobini yuritish uchun kerak bo‘ladigan barcha zaruriy hujjatlarni (buyruq va farmoyishlarning ko‘chirmalarini, shuningdek, turli xil shartnoma, to‘lov hujjatlari va boshqalarni) o‘z vaqtida taqdim qilishlari shart. Bosh hisobchining buxgalteriya hisobini yuritishi uchun talab qilinadigan hujjatlar va ma’lumotlarni rasmiylashtirish va buxgalteriyaga taqdim qilishga doir talablarini o‘z vaqtida bajarishga tashkilotning barcha xodimlari majbur. Bosh hisobchiga uning hisob va hisobot bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan topshiriqlarni berish mumkin emas. Shuningdek bosh hisobchiga pul mablag‘lari va moddiy qimmatliklar uchun bevosita moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan vazifalarni yuklash mumkin emas. Unga banklar va boshqa tashkilotlardan bevosita pul mablag‘larini olish taqiqlanadi.

Loading