Mustaqil tadqiqotchilik

Mustaqil tadqiqotchilik orqali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash

74. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash aspirantura yoki doktoranturadan tashqari, mustaqil tadqiqotchilik shaklida ham amalga oshirilishi mumkin.

75. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka oliy ma’lumotga yoki magistr darajasiga ega bo’lgan, nomzodlik dissertasiyasi ustida mustaqil izlanishlar olib borayotgan, fan va texnikaning tegishli sohasida yetarli bilimga hamda tanlagan ixtisosligi bo’yicha kamida bir yillik stajga ega bo’lgan shaxslar da’vogarlik qilishlari mumkin.

76. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka da’vogarlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OAK tomonidan o’rnatilgan tartibga muvofiq nomzodlik minimumi imtihonlarini topshirish, dissertasiyani tayyorlash hamda himoya qilish maqsadida tegishli ixtisosliklar bo’yicha aspiranturaga ega bo’lgan OTM va ITMlarga 3 yilgacha muddatga biriktiriladilar.

77. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka doktorlik dissertasiyasi ustida mustaqil izlanishlar olib borayotgan, fan va texnikaning dolzarb muammolari hamda nazariy masalalari bo’yicha ilmiy tadqiqotlari yuzasidan salmoqli natijalarga erishgan, shuningdek tegishli fan va texnika sohasida chuqur bilimlarga ega bo’lgan fan nomzodlari da’vogarlik qilishlari mumkin.

78. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka da’vogarlar tegishli ixtisosliklar bo’yicha doktorantura faoliyat ko’rsatayotgan, taniqli ilmiy maktab va yetarli moddiy-texnika bazasiga ega bo’lgan yetakchi OTM va ITMlarga 4 yilgacha muddatga biriktiriladilar.

79. Mustaqil tadqiqotchilikka da’vogar OTM va ITMlarga quyidagilarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi:
a) ish joyidan tavsifnoma;
b) shaxsiy varaqa va tarjimai hol;
v) ilmiy ishlari, patentlari va ilmiy hisobotlari ro’yxati (agar mavjud bo’lsa);
g) oliy ma’lumoti yoki magistr darajasini tasdiqlovchi diplom nusxasi (fan nomzodi ilmiy darajasiga da’vogar mustaqil tadqiqotchi uchun);
d) fan nomzodi diplomi (fan doktori ilmiy darajasiga da’vogar mustaqil tadqiqotchi uchun);
ye) nomzodlik imtihonlarini topshirganligi to’g’risida guvohnoma (agar topshirgan bo’lsa);
j) dissertasiyaning kengaytirilgan ish rejasi.

80. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka da’vogarlar arizalari va shaxsiy hujjatlarini ko’rib chiqish, ularni OTM yoki ITMga biriktirish hamda ilmiy maslahatchilarni tayinlash ushbu Nizomning 50, 77, 78 va 79-bandlariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.

81. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka da’vogarlarni biriktirish mo’ljallanayotgan ilmiy rahbar bilan suhbat natijasi va tegishli kafedra (bo’lim) xulosasi asosida, mustaqil tadqiqotchilikka biriktirish muddati va ilmiy rahbar ko’rsatilgan holda OTM yoki ITM rahbari buyrug’i bilan rasmiylashtiriladi.

82. Fan nomzodi ilmiy darajasiga da’vogar mustaqil tadqiqotchilar bir oylik muddatda ilmiy rahbar bilan kelishilgan holda tayyorlangan shaxsiy ish rejalarini tasdiqlash uchun kafedra (bo’lim)ga taqdim etadilar.

83. Mustaqil tadqiqotchilarning dissertasiya mavzulari fundamental tadqiqotlar rivojini inobatga olgan holda hamda fan va texnikaning Respublika uchun ustuvor yo’nalishlari doirasida shakllantirilib, uch oylik muddatda muassasa Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

84. Fan doktori va nomzodi ilmiy darajasiga da’vogar mustaqil tadqiqotchilar mazkur Nizomning mos ravishda 35, 36, 63 hamda 64-bandlarida ko’rsatilgan huquq va majburiyatlarga egadirlar.

85. Shaxsiy ish rejalarini muvaffaqiyatli yakunlagan va Nizomning tegishli talablarini bajargan mustaqil tadqiqotchilar Ixtisoslashgan kengashlarda dissertasiya himoyasiga qo’yiladilar. Shaxsiy ish rejasini bajarmayotganlar esa mustaqil tadqiqotchilar safidan qayta tiklanish huquqisiz chetlashtiriladilar.

86. Mustaqil tadqiqotchilar faoliyati yuzasidan tashkiliy, nazorat va monitoring ishlari aspirantura hamda doktorantura bo’limi (mutasaddi xodimlar) tomonidan olib boriladi.

87. Bir vaqtning o’zida bir nechta muassasaga mustaqil tadqiqotchi sifatida biriktirilishga ruxsat etilmaydi.

88. Aspirantura (doktorantura)ni to’liq tamomlagan shaxslarga mustaqil tadqiqotchi sifatida biriktirilishga ruxsat etilmaydi.

89. OTMlarda ilmiy rahbar yoki maslahatchilarning mustaqil tadqiqotchilar bilan olib boradigan ishi bir mustaqil tadqiqotchi uchun 50 soat hisobidan ularning umumiy (o’quv) yuklamasiga kiritiladi. ITMlarda esa mazkur faoliyat yuzasidan ilmiy rahbar yoki maslahatchi mehnatiga davlat byudjetining fan sohasi bo’yicha ko’zda tutilgan mablag’lardan, shuningdek shartnoma summasidan har bir mustaqil tadqiqotchi uchun 50 soat hisobidan haq to’lanadi.

90. O’zlarining ishlab chiqarishdagi yoki pedagogik faoliyatlarini ilmiy ishlari bilan birga muvaffaqiyatli olib borayotgan mustaqil tadqiqotchilarga dissertasiyalarini yakunlash va himoyaga taqdim etish uchun doktorlik dissertasiyalari bo’yicha 6 oygacha, nomzodlik dissertasiyalari bo’yicha esa 3 oygacha o’rtacha ish haqi saqlangan holda ijodiy ta’til beriladi.

91. Ushbu Nizom O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi raisi bilan kelishilgan.

Manba: http://www.dissertant.uz

27 total views, 1 views today